Halollik


Saqlash
11:01 / 04.01.2024 0 786

Halollik (arabcha ruxsat etilgan, yoʻl qoʻyilgan; qonuniy, asosli; toʻgʻrilik, vijdonlilik) – shariat hukmiga muvofiq yesa, ichsa, foydalansa boʻladigan; kishining oʻziga qarashli, oʻz mehnati bilan, peshona teri toʻkib topilgan; xiyonat, gʻirromlik kabilardan xoli, qingʻir yoʻlga bormaydigan, birovni aldamaydigan; toʻgʻri, sof, pokiza boʻlishni talab qiladigan maʼnaviy-axloqiy meʼyorni anglatuvchi tushuncha. Insonni maʼnaviy-axloqiy jihatdan bezaydigan ajoyib fazilatlar dan biri – halol, pokiza yashash, birovlarning haqiga zarracha boʻlsa-da, xiyonat qilmaslikdan iboratdir. Halol bilan haromni farqlash, faqat oʻz mehnati evaziga tirikchilik qilish, harom-harishdan jirkanish, haromxoʻrlikni eng katta gunoh va axloqsizlik deb bilish – Sharq faylasuflarining eng muhim gʻoyalaridan hisoblanadi. Halollik vijdon, adolat va burch kabi axloqiy tushunchalar bilan bogʻliq, insonning oʻzgaga munosabati oʻziga munosabatidek sof, pokiza boʻlishini talab qiladigan axloqiy meʼyordir. Dastavval u diniy tushuncha sifatida vujudga kelib, har bir musulmonning yemak-ichmagi, jinsiy va iqtisodiy xatti-harakatlarini belgilab beruvchi sharʼiy meʼyor sifatida amal qilgan. Keyinchalik halollik nisbatan tor sharʼiy qobiqdan chiqib, asta-sekin shaxs hayotidagi keng qamrovli axloqiy meʼyorga aylandi, teran maʼnaviylik kasb etgani holda, kundalik hayotdagi insoniylikni belgilaydigan umuminsoniy fazilatga aylandi. Masalan, hozirgi kunda ixtisoslashgan mehnat taqsimotining takomillashuvi, ilm-fan taraqqiyotining yuksalishi natijasida biz kasbiy halollik, ilmiy halollik, iqtisodiy halollik va boshqa haqida gapirishimiz mumkin.

 

Halollikning mavjudligi fidoyilik, rostgoʻylik bilan shartlanadi. Doimo halollik qilishi yoki halol yashashi uchun kishi albatta nimalardandir kechishi, kimlargadir qarshi borishi, faqat rost gapirishi, soʻz bilan ish birligiga erishishi kerak. Shu bois halol inson jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega, hurmatga sazovor boʻladi. Qaysi jamiyatda halol fuqarolar koʻpaysa, oʻsha yerda baxt va farovonlik hukm suradi. Mustabid tuzum davrida yolgʻon, aldov, nopoklik, haromxoʻrlik, munofiqlik singari illatlar xalqimizga shu qadar ustalik bilan singdirildiki, uning asoratlari hozirgacha sezilib turadi. Shu bois mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq bu illatlarga qarshi kurash boshlandi. Hozirgi kunda davlatimiz milliy-maʼnaviy qadriyatlarni tiklash, odamlarni halol, insofli, adolatli boʻlishga chaqirishni oʻz ichki siyosatining muhim qismi deb bilgan holda ish tutmoqda. Hozirda halol, rostgoʻy insonlardan iborat boʻlgan fuqarolar jamiyatini qurish – faqat axloqiy muammo emas, balki kelajagi buyuk davlatimizning mohiyatini anglatuvchi ijtimoiy-siyosiy yangilanishdir. Halollik insonning ichki va tashqi dunyosining birligi, soʻzi bilan xatti-harakati toʻgʻri kelishini, atrofdagi insonlarga ochiqkoʻngil va samimiy munosabatini ifodalovchi maʼnaviy-axloqiy fazilatlardan hisoblanadi. Halollik jamiyatning axloqiy meʼyorlariga ongli ravishda va ixtiyoriy amal qilishga undaydigan hodisadir.

 

Halollik inson xarakterining mohiyatidan kelib chiqib, insonning oʻz vazifasini vijdonan va ongli ravishda bajarishida namoyon boʻladi. Chin maʼnodagi halollik vaʼdaga vafo qilish, soʻz bilan ish birligi demakdir. Soʻzining ustidan chiqmagan odam beburd, belafz odam hisoblanadi. Molu davlat peshona teri bilan, mehnat bilan topilsa haloldir. Halollik rostgoʻylik, toʻgʻrilik, axloqiy poklik, samimiylik kabi insoniy fazilatlar majmuasidan iborat. Halollik – haromning ziddi. Halol amallarga quyidagi fazilatlar kiradi: mehnat bilan tirikchilik qilish, halol rizq topish, yaxshi niyat qilish, yaxshi soʻzlash, yaxshi amallar qilish, omonat va qarzlarni oʻz vaqtida qaytarish, yetimlarni kafillikka olish, vafodorlik, gunohni savob ishlar bilan yuvish, ehson va sadaqa qilish, muhtojlarga qarz berish, yordam koʻrsatish, mehr-muruvvatli, oqibatli boʻlish va hokazo. Halollik inson maʼnaviyatining eng ezgu fazilatlaridan biri boʻlib, jamiyat taraqqiyotini belgilaydi. Jamiyatda halol insonlar qancha koʻp boʻlsa, u shuncha taraqqiy etadi. Binobarin, halol odam vazifasiga masʼuliyat bilan yondashadi, qingʻir yoʻllar orqali boylik orttirishni oʻylamaydi, ishi, xalqi, vataniga sodiq boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 313
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 371
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206081
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96561
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22863
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22210
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16833
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16087
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14457
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12576
Ommaviy madaniyat