Hamdardlik


Saqlash
11:01 / 04.01.2024 0 762

Hamdardlik – insonparvarlik koʻrinishlaridan biri boʻlib, shaxsning boshqalarga munosabati, ularning fikr va tuygʻularini tushunish hamda qoʻllab-quvvatlashni anglatuvchi tushuncha. Hamdardlik – yuksak insoniy fazilat, maʼnaviyat, insonparvarlik, olijanoblik belgisidir. Hamdardlik va yaxshi soʻz kishiga umid va ilhom baxsh etadi. Hamdardlik insonlar oʻrtasidagi samimiylik, tabassum va begʻubor munosabatlarda, oʻz yaqinlari va boshqaning dardiga malham boʻlish, eʼtibor, boshqalarni oʻylab yashash, mehmondoʻstlik, muloqot, shirinsoʻzlik, yaxshilik qilish, munosabatlar madaniyatida namoyon boʻladi. Hamdardlik mamlakatlararo va insonlararo munosabatlarda ham tajassum topadi. Oʻzaro hamdardlik yaxshi qoʻshnichilikning muhim shartidir. Kishining toʻyiga-ku hamma ham keladi, lekin boshiga kulfat tushganda birinchi boʻlib qoʻshnilar hamdardlik bildiradi. Inson boshiga oʻlim tushganda yaxshi qoʻshnilar ham, sodiq doʻstlar ham, qarindosh-urugʻlar ham shunday uqubatli, qaygʻuli, tashvishli paytlarda azadorning yonida tayanch va koʻmakdosh boʻlish, toʻylarda ham ehtiyojmand tarafning fikr va tuygʻularini tushunishga chin qalbdan yondashish, qoʻllab-quvvatlash, maslahat va koʻmak berish, vijdon amri bilan haqqoniy, adolatli fikrlar aytib, ijobiy xulosalar qilish, yaʼni hamdardlik boʻlish – chin insoniy fazilatlardan hisoblanadi.

 

Hamdardlikdan tashvish va gʻam yengillashadi. Qandaydir falokat roʻy berganda ham, masalan, qoʻshnining uyiga oʻt ketganda, qoʻni-qoʻshnilarning bir jonu bir tan boʻlib koʻmaklashishi, uy yonib-kuyib xarob boʻlgach, yashash uchun sharoit qolmagach, mahalla ahli hashar yoʻli bilan qoʻshnining uyini tiklashi, har kimning qoʻlidan kelganicha yordam berishi ham yaxshi insonlarning hamdam va hamdardlikidan dalolatdir. Masalan, hamdardlikning mamlakatlararo koʻrinishida biror tabiiy ofatdan zarar koʻrgan, kulfat oqibatida talafot koʻrgan davlat aholisiga qoʻshni mamlakatlar yaxshi soʻz, taʼziya izhor etib, dardlariga sherik boʻlishadi, moddiy va maʼnaviy tomondan koʻmaklashadi. Inson hayotining ogʻir, musibatli kunlarida atrofdagi odamlarning hamdardligiga, maʼnaviy-ruhiy koʻmakka muhtoj boʻladi. Iliq va samimiy muomala, ochiq chehra bilan chin yurakdan olib borilgan doʻstona suhbat, dardga sherik boʻlish bilan hamdardlik bildirish kishiga najot, ruhiga tetiklik, qalbiga umid bagʻishlaydi. Hamdardlik jamoadagi maʼnaviy-ruhiy iqlimni sogʻlomlashtiruvchi, boshiga musibat tushgan insonning kelajak hayotga ishonch bilan qarashiga sabab boʻluvchi muhim omildir. Maʼnaviy tuban kishilar haqiqiy hamdardlik bildira olmaydi, hamdardlik bildirganda esa, ularning hamdardligi soxta chiqadi. Haqiqiy hamdardlik yuksak maʼnaviy sifatlar, fazilatlarga ega insonlar tomonidan qilinadi. Hamdardlik umuminsoniy qadriyatlardan biri boʻlib, turli xalqlarda turli koʻrinishlarda uchraydi. Hamdardlikning ikki koʻrinishi mavjud. Birinchisi, xalq, millat, yaqin tanishlar, qarindosh-urugʻlar boshiga tushgan mushkulliklarga iqtisodiy yordam orqali bildiriladigan hamdardlikdir. Ikkinchisi, insonga yaqin kishilari vafoti munosabati bilan taʼziya izhor qilish, Qurʼon tilovati orqali hamdardlik bildirish odatidir. Bunday qadriyatni notoʻgʻri izohlovchi vahhobiylik, akromiylik kabi tajovuzkor oqimlar xalqimiz tomonidan qattiq qoralanadi. Xalqlar va mamlakatlar orasidagi oʻzaro hamdardlik bashariyatga xos munosabat boʻlib, xalqaro munosabatlarning mustahkamlanishiga, odamlar orasidagi hamdardlik esa mehr-oqibatning kuchayishiga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:07 / 25.07.2024 0 317
Sanskritchani biladigan “baxshi”

Qomus

10:07 / 19.07.2024 0 393
Musiqa

Bilasizmi?

14:07 / 11.07.2024 0 419
“Oqshom”mi, “ag‘sham”?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 210646
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 99711
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24801
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 24331
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18233
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17232
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16395
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14607
Ommaviy madaniyat

//