Harom


Saqlash
12:01 / 04.01.2024 0 772

Harom (arabcha foydalanish, isteʼmol etish sharʼan man etilgan narsa; muqaddas; noqonuniy) – shariat hukmiga muvofiq yeyish, ichish, foydalanishga yaramaydigan, halol boʻlmagan, anʼana yoki tartib-qoidalarga koʻra man etilgan ish, xatti-harakat; shu yoʻl bilan topilgan narsa; hayotida shunday yoʻl tutuvchi kimsa kabi maʼnolarni anglatuvchi tushuncha. Zulm, oʻgʻirlik, riboxoʻrlik, aldamchilik, poraxoʻrlik yoʻli bilan topilgan har bir narsa, oʻzi qancha pok boʻlsa ham, topuvchiga haromdir. Shuning uchun ham ulamolar mutlaq haromni – oʻzida haromlik sifati bor yoki man qilingan yoʻl bilan topilgan narsadir, deb taʼriflaydi. Musulmon inson uchun haromdan hazar qilish farz hisoblanadi. Alloh taolo moʻmin-musulmonlarni harom – botil yoʻl bilan birovning molini yeyishdan qatʼiy ravishda qaytargan. Bir luqma harom taom yegan odamning necha kunlab duosi qabul boʻlmasligi taʼkidlangan. Musulmon inson harom yoʻl bilan molu dunyo kasb qilishdan, xuddi choʻchqaning goʻshtini yeyishdan hazar qilgandek, hazar qilish kerak. Harom yoʻl bilan molu dunyo topgan odam ikki dunyoda sharmanda boʻladi. Bu dunyoda azob-uqubat, turli baloofatlarga yoʻliqib, u dunyoda jahannam ichida qoladi. Shariatda harom hisoblangan narsani halol deb eʼtiqod qilgan odam kofir boʻladi.

 

Alloh taolo halol qilgan narsalar inson uchun moddiy va maʼnaviy foydalidir, harom qilingan narsalar zararlidir. Shuning uchun halol qilingan narsalar va ishlar koʻpchilikka maʼlum. Harom qilingan ishlarni eslatib oʻtish va eslatib turish joizdir. Ota-onaga oq boʻlish, zinokorlik, ribo (sudxoʻrlik), sehrgar va folbinlarga ishonish, oʻgʻirlik, qaroqchilik, poraxoʻrlik, josuslik, chaqimchilik, yolgʻonchilik, qotillik, nohaq qon toʻkish, xiyonatkorlik, oʻlikka dod-voy solib yigʻlash, savdo-sotiqda gʻirromlik, gʻiybat, tuhmat kabilar harom amallardir. Yeyiladigan narsalardan toʻngʻiz, vahshiy hayvonlar, harom oʻlgan halol hayvonlar, soʻyilganda oqqan qon, “bismilloh” aytmay soʻyilgan halol hayvon goʻshtlari, dinsizlar (majusiy) soʻygan hayvon goʻshtlari, mast qiluvchi ichimlik va giyohlarning hammasi islom shariatida harom qilingan. Qurʼoni Karimning “Moida” surasi 3-oyatida bu haqda quyidagilarni oʻqish mumkin: «Oʻlimtik goʻshti, qon, choʻchqa goʻshti, Allohdan oʻzgaga atab soʻyilgan, boʻgʻilib oʻlgan, urib oʻldirilgan, yiqilib oʻlgan, suzishdan oʻlgan, (biror joyini) yirtqich hayvon yegan hayvonlar goʻshti sizlarga harom. (Sharʼiy yoʻl bilan soʻyib) Poklab olishga ulgurganingiz bundan mustasno.

 

Shuningdek, but-sanamlarga atab soʻyilganlar ham – harom». Bulardan tashqari, erkaklarning tilla narsa taqishi, ipak kiyim kiyishi, ayollarning erkakcha kiyinishi, tilla-kumush idishda ovqatlanishlar ham harom amallardan sanaladi. Foydalanishi harom etilgan va istifoda qilgan kishiga faqat zarar beradigan oʻsimliklarni ekish va parvarish qilish ham islomda harom hisoblangan (masalan, nasha, qoradori, afyun, tamaki). Bir narsaning harom ekani shubhasiz, ochiq dalillar bilan maʼlum boʻlsa, uni ekish va yetishtirish ham haromdir. Musulmon kishi hech qachon haromga qoʻl urmasligi, haromdan istifoda etmasligi, undan uzoq turishi kerak. Shunga koʻra, masalan, nasroniylarga sotish uchun choʻchqa boqish ham musulmonga joiz emas. Shariatda harom ishlarga odatlangan odam gunohkor boʻlish bilan birga, hayotda xorlik, sharmandalik va qashshoqlikka giriftor boʻlishi taʼkidlanadi. Keng maʼnoda harom axloq tushunchasi boʻlib, jamiyat aʼzolari zimmasiga yuklatilgan axloqiy-huquqiy talablarning vijdonan bajarilishi mobaynida shaxsiy yoki guruh manfaatlarini koʻzlab oshkora yo pinhona buzilishini anglatadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:07 / 25.07.2024 0 321
Sanskritchani biladigan “baxshi”

Qomus

10:07 / 19.07.2024 0 393
Musiqa

Bilasizmi?

14:07 / 11.07.2024 0 419
“Oqshom”mi, “ag‘sham”?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 210652
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 99716
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24801
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 24331
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18233
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17233
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16395
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14608
Ommaviy madaniyat

//