Onasini eng uzoq kutgan farzand


Saqlash
10:04 / 15.04.2024 3 1087

U Turkiyaning Mardin shahridan 14 km uzoqlikdagi Bine-bil qishlog‘ida dunyoga kelgandi. Otasi mardinlik, onasi suriyalik arablardan edi. Tili erta chiqqani uchun onasi uni Bahe bulbul deb erkalatardi.

 

Bahe bir yarim yoshda ekanida xo‘rozning hujumiga uchraydi: xo‘roz himoyasiz bolakayni ayovsiz cho‘qib, yuz-ko‘zlarida bir umrlik yara izlari qoldiradi.

 

O‘sha vaqtda qattiq qo‘rqib ketgan Bahe gapirmay qo‘yadi. Bolakay yolg‘iz qolsa talvasaga tushar, onasining quchog‘idagina tinchlanardi. Bahe opalarining sa’y-harakatlari bilan to‘rt yoshga yetganidagina oz-moz gapiradigan bo‘ladi. Ota-onasi uni qishloq shifokoriga eltadilar, shifokor bolaning holatini aqliy zaiflik deya baholaydi. Birgina ota bu tashxisga ishonmaydi.

 

Temir yo‘l stansiyasida yuk tashuvchi bo‘lib ishlaydigan ota o‘g‘lini Mardindagi taniqli shifokorlarga olib borishni niyat qiladi, lekin ko‘p o‘tmay sog‘lig‘i yomonlashib, vafot etadi. Nochor qolgan ona farzandlarini olib ota yurti Suriyaga qaytmoqchi bo‘ladi. Yo‘lga tayyorgarlik ko‘rayotganida otasidan maktub oladi. Unda bobo aqli zaif nabirasini ko‘rmoqchi emasligini aytib, uni olib kelmaslikni qat’iy tayinlagan edi.

 

 

Chorasiz qolgan ona (o‘zidan bir qadam ham ajralmaydigan) kichkintoy Baheni Mardindagi qadim monastirga olib borib topshiradi. Ketayotganida esa, nima gapligini tushuna olmay javdirab turgan bolakayning qulog‘iga shivirlaydi:

 

Bizni kutgin. Biz albatta qaytib kelib, seni olib ketamiz...

 

Monastir eshigi oldiga yetganida yana takrorlaydi:

 

Biz qaytib kelamiz, Bahe...