Afandi bir kuni...


Saqlash
10:12 / 23.12.2021 0 1362

 

Ehtiyot shart

Afandi ko‘za ko‘tarib suvga ketayotgan o‘g‘lining yuziga bir tarsaki urib, ko‘zani sindirma, dedi.

– Bu nimasi, – dedi xotini, – ko‘zani sindirmasdan turib nega urasiz bolani?!

Afandi javob berdi:

– Sindirgandan keyin urishning nima foydasi bor, hozir ehtiyot shart-da.

 

Ey, nodon

Afandi zig‘ir yog‘i olish uchun kosa ko‘tarib bozorga bordi. Yog‘furushdan bir tangalik yog‘ so‘radi. Yog‘furush bir tangalik yog‘ni kosaga quygan edi, to‘lib, picha ortib qoldi.

– Qolganini nima qilamiz? – deb so‘radi yog‘furush.

– Orqasiga quy, – deb afandi kosani ag‘dardi, ichidagi yog‘ to‘kilib ketdi. Afandi bundan bexabar kosani ko‘tarib uyiga ketdi. Uyiga kirishi bilan qozonni qizdirib turgan xotini qichqirdi:

– Shugina yog‘ni oldingiz xolosmi?

Afandi:

– Ey, nodon, ko‘p qichqirma. Bu yog‘ida ham bor! – dedi-da, kosani ag‘dardi, qolgan yog‘ni ham to‘kib yubordi.

 

Afandi va o‘g‘ri

Bir kuni kechasi Afandining uyiga o‘g‘ri kirdi va hammayoqni qidirib hech narsa topolmadi. Uni kuzatib yotgan Afandi ko‘rpadan boshini chiqarib dedi:

– Ey, nodon, o‘zim kunduzi uyimdan hech narsa topolmayman-u, sen kechasi nima qilasan ovora bo‘lib!

 

Xayriyat

Afandining yaktagini xotini yuvib, dorga ilib qo‘ygan edi. Afandi kechasi uyg‘onib, hovliga chiqdi. Dordagi yaktagini o‘g‘ri gumon qilib, qo‘liga kamonini oldi-da, yaktakka qarab o‘q uzdi. Ertalab turib qarasa, o‘zining yaktagi ekan, xursand bo‘lib:

– Xayriyat, yaktakning ichida o‘zim yo‘q ekanman, – dedi.

Oftobda erib ketdi

Afandi yoshligida otasidan olgan jumalik pullarni haftasiga yetkazmasdan yeb qo‘yar va shuning uchun aksari so‘kish eshitar edi. Yozda otasi Afandiga bir tanga jumalik berib, tayinladi:

– To‘rt jumalikni olyapsan, endi bir oygacha senga jumalik yo‘q! Bu gap Afandining u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqdi, pulni esa ikki kunda yeb tamom qildi.

Uchinchi kuni choshgoh paytida Afandi otasining yonida o‘tirgan edi, otasi kunning issiqligidan nolidi:

– Hech chidab bo‘lmaydi, agar odamning badani temirdan bo‘lsa ham, oftobda turish bermay erib ketar edi.

– To‘g‘ri, dada, –  dedi Afandi, –  kecha siz bergan bir tangani oftobga qo‘ygan edim, darrov erib ketsa bo‘ladimi.

 

Sening gaping ham ma’qul

Afandining oldiga birov kelib, yomon ko‘rgan bir odami ustidan arz qildi. Afandi, gapingiz ma’qul, deb jo‘natib yubordi.

Ertasiga boshqasi kelib, undan shikoyat qildi. Afandi unga ham, gapingiz ma’qul, deb chiqarib yubordi.

– Erkak bo‘lmay qoling, – dedi Afandining xotini, – har ikkalasiga ham, gaping ma’qul, dedingiz. Dunyoga kelib siz ham: “Yo‘q, gaping noma’qul”, desangiz-chi!

Afandi o‘ylab turib:

– Xotin sening ham gaping ma’qul, – dedi.

Mulla Mamarasulning qiroati

Afandining bolasi nihoyatda yig‘loqi bo‘lib, xotini tongotar beshik tebratib chiqar edi. Bir kecha xotinining jonidan o‘tib, afandini uyg‘otib:

– Men onasi bo‘lsam, siz otasisiz. Bu kech o‘zingiz uxlating, menga ham jon kerak, – debdi.

Afandi darrov turib kiyina boshlabdi va xotiniga:

– Men borib Mulla Mamarasulni aytib kelay, – debdi.

Xotinining fig‘oni chiqibdi:

– Bolani uxlating deyotibman! Mulla Mamarasulni nima qilasiz?!

Shunda Afandi:

– Machitda Mulla Mamarasul qiroat qilganda, hammamiz uxlab qolamiz. U kelib qiroat qilsa, ajab emas bolamiz ham uxlab qolsa, – debdi.  

 

“Afandi latifalari” kitobidan olindi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 324
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 388
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206122
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96607
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22919
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22265
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16867
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16117
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14523
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12638
Ommaviy madaniyat