Qaysar qalamkash


Saqlash
12:04 / 25.04.2022 0 1279

Bolta O‘tkirovich uncha-buncha muharrirlardan emas. Tahrirchilikda, tanqidchilikda uning oldiga tushadigani yo‘q. Tunov kuni ham she’riyatga talabgorlardan shekilli, yosh yigitcha eshik qoqdi.

 

– Kirsam maylimi, domla?

 

– Birinchidan, kirib bo‘ldingiz. Ikkinchidan, domlachangiz o‘qishda bo‘ladi. Ustoz! Uchinchidan, nega savol so‘roq ohangida emas?

 

Talabgor yosh bo‘lishiga qaramay, O‘tkirovich kabilardan uncha-bunchasini ko‘rib qo‘ygan shekilli, qilt etmay turdi-da, birdan bidirlashga tushdi:

 

– Birinchidan, eshik ortidan turib ruxsat so‘ralmaydi. Chunki ovozimni eshitmaysiz. Ikkinchidan, siz hali meni tanimaysiz-u, qanday qilib ustoz bo‘lishingiz mumkin. Uchinchidan, gapimning oxirida so‘roq belgisi bor edi. Demak, u so‘roq gap.

 

O‘tkirovich bu yaqin orada o‘ziga bunday ters gapirgan mahmadanani uchratmagan edi. Hali bu gapi boshiga balo bo‘lishini qayerdanam bilsin bu tirrancha!

 

– Oldingizga she’riy mashqlarimni olib kelgandim. Ko‘rib berolasizmi?

 

– Ko‘ramiz, qog‘ozda ham shunday sheryurakmisiz…

 

Yigitcha tutqazgan qog‘ozlarni yulqib olar ekan, shoshilibgina o‘qishga kirishdi. Mashqlarga bir-ikki nazar tashladi-yu, tezgina soatiga qarab so‘z boshladi.

 

– An’anaviylikdan qochish kerak, inim. She’rlarda faqat hissiyot, faqat tuyg‘u. Nuqul muhabbatni kuylab she’r yozaversangiz, yozaversangiz, mulohaza qilishga, o‘ylashga undaydigan she’rlarni kim yozadi, axir?

 

“Ajoyib nutq bo‘ldi-da o‘ziyam!” – yigitchaning ensasi qotdi.

 

“Bopladimmi? Sen terakchaning zumda shoxingni sindirib qo‘yish qo‘limdan keladi. Ja, bo‘ylari osmonga tegay deb turuvdi-ya. ha, essiz-a!” Muharrir mug‘ombirona iljayib turardi.

 

Biroq talabgor rostdan ham chatoqroq chiqib qoldi.

 

– Birinchidan, she’r insonning yuragiga muammoni emas, go‘zallik, ezgulik tushunchalarini olib kirishi kerak, tushundingizmi, domla? Ikkinchidan, men abadiy va adabiy mavzularda she’r bitaman…Hay, hay, hay! Bu talabgorni oyog‘ini osmondan qilish oson emasga o‘xshaydi-yov!

 

– Uchinchidan, – yigitchaning ohangi bilan davom etdi O‘tkirovich, soatiga tezgina qarab olib. – Siz va sizga o‘xshagan “ijodkor”lar kechqurun uyqusirab chala-chulpa she’r yozib, ertalab tahririyatga yugurasizlar. Sariq chaqaga arzimaydigan satrlaringiz hali she’r bo‘ladimi, yo‘qmi? Oldin shuni o‘ylab ko‘rmasdan, halitdan abadiyat tashvishi tushib qolibdimi?

 

– Endi… general bo‘lishni orzu qilmagan askar askar emas, deganlaridek, men abadiy yashab qoladigan she’rlar bitishni orzu qilaman.

 

Ammo bizning muharrir temirni qizig‘ida bosadiganlar xilidan. Bu “askar”chaning javobini tezda bermasa, abadiyat uchun jangga kirib ketishdan toymaydiganga o‘xshaydi.

 

– Unda hozircha sizga ruxsat, askar! She’rlarni yana bir-r-r o‘qib, keyingi kelganingizda javobini aytarman.

 

“Askar” hech narsa bo‘lmagandek bemalol o‘rnidan turdi-yu, mag‘rur chiqib ketdi.

 

Bolta O‘tkirovich hikoyanavis! Necha oydan buyon bitmay yotgan hikoyani tonggacha amallab bitirdi-yu, ertalab ishga kela solib muharrirga kiritib yubordi.

 

– Sizni boshliq chaqiryaptilar!

 

Kotiba qizning xonada tomdan tarasha tushgandek shang‘illagan ovozi xayollar ummonidagi O‘tkirovichni qalqitib yubordi.

 

– Tinchlikmi? – arang so‘radi u.

 

– Notinchlik… Nega u kishining o‘g‘lini xafa qildingiz?

 

– A?

 

Vazira IBROHIMOVA


"Yoshlik" jurnali 2015-yil 7-son
 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 324
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 388
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206122
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96607
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22919
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22265
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16867
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16117
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14523
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12638
Ommaviy madaniyat