Hozircha uch oyga obuna bo‘lishga va’da berdim... – matbuotchilar hayotidan hangomalar


Saqlash
15:06 / 23.06.2022 0 2675

 

Farosat

 

 

Nashriyotda muharrir bo‘lib ishlardim. Bir she’riy bayozni bosmaxonaga topshirdik. Bir oy o‘tib terilgan nusxa – korrektura keldi...

 

Harf teruvchi hamma she’rlarni farosati yetganicha to‘g‘rilab chiqqan.

 

Hammasidan ham kulgulisi, u bir g‘azalxon shoirimizning “Ne muattarlikki bor, ul mushki anbardin kelur”, degan satrini “mushuk ombordan kelur”, deb tuzatgani edi...

 

Erkin VOHIDOV

 

 

 

Jovdiraydi ohu ko‘zlari

 

Sho‘ro zamoni. Otaxon «Sovet Tojikistoni» gazetasidagi bir guruh qalamkashlar Yovondagi taniqli dehqon xo‘jaligiga borishdi. Ularning maqsadi ilg‘or tajribani o‘rganish va gazeta sahifalarida yoyish edi.

 

Tush payti. Mezbonlar uchun noz-ne’mat to‘la dasturxon tuzaldi. Ko‘p o‘tmay gullik katta chinni laganda hovuri va mazali isi atrofni tutgan  go‘sht suzib keltirib qo‘yishdi. Ishtahasi karnay bo‘lgan shoir Jamshid bir bo‘lakni olib yeya boshlagan ham ediki, unga ma’yus tikilib turgan boshqa bir shoir do‘sti shunday dedi:

 

– Aka, kim sizni shoir deb aytadi? Kechagina o‘z jigarporalari bilan sayr etib yurgan ohu go‘shtini sher misoli ishtaha bilan tushirmoqchi bo‘layapsiz-a! Boring-ki, o‘zingiz bu to‘g‘rida bayt bitmagan bo‘lsangiz, aqalli Zokirjon Furqatning “Sayding qo‘ya ber sayyod”ini o‘qigandirsiz…

 

Shoir Jamshidning ko‘z o‘ngida ko‘zlari jovdirab, ovchidan rahmu shafqat istayotgan ohu siymosi tiklandi. U qo‘lidagi go‘shtni tovoqqa qaytarib qo‘ydi.

 

Sal vaqt o‘tib, zarurat bilan bir aylanib dasturxon boshiga qaytgan Jamshid ne ko‘z bilan ko‘rsinki, hozirgina ohuga shafqat e’lon qilgan shoir esa ishtaha bilan kiyik go‘shtini paqqos tushirmoqda edi.

 

 

Hakimjon  ZOKIROV

 

Kelinbolaning himmati

 

Yosh muharrir yigit uylanmoqchi bo‘lib, qo‘shni shaharda turadigan qizlardan birining uyiga sovchi yuboribdi. Qiz tomondagilar “Yoshlar bir-birlarini ko‘rishsin, ana undan keyin gaplashamiz”, deyishibdi.

 

Taomilga ko‘ra, yaqin qarindoshlar yordamida ular Anhor bo‘yida uchrashishibdi.

 

Uchrashuv cho‘zilib ketibdi. Yoshlarni uzoqdan kuzatib turgan amma va opa “Mayli, gaplari qovushdi, shekilli”, deya sabr-toqat bilan kutishibdi.

 

Bir mahal qiz bo‘shashibgina orqasiga qaytibdi.

 

– Yigit senga ma’qul bo‘ldimi? – deb so‘rabdi qizning opasi.

 

– Yomon yigitga o‘xshamaydi, – debdi qiz.

 

– Unda nega kayfiyating yo‘q?

 

– Viloyat gazetasining muharriri ekan, obunasi chatoqmish. Nuqul shuni gapirdi. Bechoraga rahmim kelib ketdi, – debdi qiz ichki bir xo‘rsiniq bilan.

 

– Sen nima deding?

 

– Nima derdim, hozircha uch oyga obuna bo‘lishga va’da berdim...

 

 

 

Gʻayrat SHERALIYEV

 

  

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 324
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 388
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206122
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96607
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22920
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22265
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16867
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16117
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14523
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12639
Ommaviy madaniyat