Qoraqalpoq adashganda o‘zbekni chaqirgan ekan – To‘lepbergen Qaipbergenovning Arofatda yo‘qolib qolgani hikoyasi


Saqlash
15:07 / 05.07.2022 0 1183

To‘lepbergen og‘a qay bir yili Haj ziyoratiga borgan edi. Bu hikoyani keyin o‘zi aytib berdi.

 

Qurbon hayitining birinchi kuni yurtimiz hojilari bilan Arofatda ibodat qilib o‘tirgan adib nima yumush bilandir chodirdan tashqariga chiqibdiyu adashib qolibdi. Oldiniga tepasida O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turgan qo‘nimgohni birpasda topib olaman, deb o‘ylabdi.

 

Ammo bir milliondan ortiq ziyoratchi bir xil chodir tikib o‘tirgan bepoyon dashtda u yoqqa yuribdi, bu yoqqa yuribdi, qaytish yo‘lini topolmabdi. Bitta-yarimta uchragan polisiyachilardan so‘ray desa, na arabcha, na inglizchani biladi, o‘zbekcha, ruschani ham tushunmaydi.

 

Shom qorong‘usi tusha boshlabdi hamki, bechora adib hamon adashib-uloqib, chor atrofda beto‘xtov yurar emish. Oxiri yuragiga vahima kiribdi, nima qilishni bilmasdan, o‘ylab-o‘ylab, balandroq bir joyga chiqibdi-da, to‘rt tomonga qarab:

 

– Ho-oy, qoraqalpog‘im, qayerdasan? – deb nido qila boshlabdi.

 

Besh-o‘n daqiqa shunday deb faryod uribdi, biron kimsa yoniga kelmabdi, hech kimdan najot yetmabdi.

 

Bir mahal hushini yig‘ib, o‘ziga razm solib qarasa, egnida ehrom, boshida oq do‘ppi, toq qatron bir maydonda bo‘zlab o‘tirgan emish. Yana battar sarosimaga tushib:

 

Ey, qoraqalpoq, bormisan? Ey, o‘zbek, qayerdasan? – deb jonining boricha baqira boshlabdi. Tomog‘i bo‘g‘ilib qolgunicha shunday deb qichqiraveribdi.

 

Oradan yarim soatcha o‘tib, oldida oppoq soqolli ozg‘in bir chol paydo bo‘libdi, sekin bilagidan tutib:

 

– Hoy, birodar, tinchlikmi, nima faryod qilyapsiz? – deb so‘rabdi.

 

O‘zbekcha kalomni eshitib, To‘lepbergen og‘a yig‘lab yuboray debdi.

 

– E, siz o‘zbekmi? – deb uni mahkam quchoqlab olibdi. – Sizni Xudo yetkazdi, men... adashib qoldim, peshindan buyon qo‘nimgohimizni topolmayman.

 

– Xo‘sh, xo‘sh... Siz qaysi elning mardumi bo‘lasiz? – deb so‘rabdi u odam.

 

– Men qoraqalpoqman, – debdi oqsoqol adibimiz.

 

Chol To‘lepbergen og‘aga hayron qarabdi-da:

 

– A, boshingizdagi qalpoq qora emas, oq-ku? – deb uning do‘ppisiga ishora qilibdi.

 

–Yo‘q, mening millatim qoraqalpoq, – debdi To‘lepbergen og‘a. – Siz o‘zbekmisiz? Surxondaryolikka o‘xshaysiz?

 

– Hay, men o‘zbak, ammo Maymanaga o‘ltiraman, Afg‘onistonga, – debdi u kishi. – Siz O‘zbekistonning pakkasiga borishingiz kerakmi?.. Hozir polisdan so‘raymiz. – Afg‘onistonlik hoji shunday deb nariroqdan o‘tib ketayotgan polisiyachining oldiga borib, arab tilida nimanidir surishtiribdi, oxirida: “Shukran kasiran”, (Katta rahmat), debdi, so‘ngra To‘lepbergen Qaipbergenovga “Qani, mani izimdan yuring”, deb yarim soatdan keyin uni o‘zbekistonlik hojilar o‘tirgan qo‘nimgohga boshlab boribdi.

 

Xayriddin SULTON

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 324
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 388
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206123
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96607
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22920
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22266
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16867
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16117
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14523
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12639
Ommaviy madaniyat