Dadasi “oʻlgan” bolalar


Saqlash
10:06 / 05.06.2024 0 720

Kecha “Sen kuchlisan” jamoasi aʼzolari yana Zangiotadagi xospisda boʻldik. U yerda onkologik va onkogematologik kasalliklarning soʻnggi – umidsiz bosqichdagi bemor bolalar yotadi. Oʻn yetti nafar qorakoʻz. Oʻn yetti nafar… Omonxon besh yoshda. Miyasidagi oʻsimta boshni futbol koptogidek shishirib yuborgan. U bizni tanib xursand boʻlib yugurib keldi va burchakdagi xonaga ishora qildi:

 

– Salonchi xolalar kelgan. Ayalarni yasatishyapti. Ana, qarang! Meni oyimning ham sochlarini boʻyab qoʻyishdi.

 

Sartarosh qizlarga salom berib, ularning rahbari bilan quyuq soʻrashdim. Tanishim, singlimdek boʻlib qolgan Marhabo bu yerga taklif qilganim uchun minnatdorchilik bildirdi:

 

– Yaxshiyam kelibmiz, opa. Bunaqa joy borligini bilmas ekanman. Endi tez-tez kelib turamiz.

 

Aslida ular “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga qizaloqlarning sochlarini turmaklab qoʻyish tashabbusi bilan chiqishgandi. Lekin bu yerda yotgan bemor qizaloqlarning sochlarini kimyo va nur muolajalari toʻkib tashlagan… Ichkariga moʻralab, goʻzallik ustalariga ixtiyorlarini topshirgan onalarning qiyofasiga tikildim. Soʻngsiz iztirob, gʻam koʻlanka solgan chehralar oz boʻlsada ochilayotgan edi.

 

– Xonama-xona yurib taklif qildik. Avvaliga chiqishmadi. Rosti, biroz xafa ham boʻldik. Bir vaqt qarasak, birin-ketin paydo boʻlishdi. Bolalarning oʻzi onalarni olib chiqishibdi. U shunday derkan, yasanishga navbat kutib turgan, sochlari oppoq, ajinlari taram-taram, qaddi bukchayib, ruhan sinib, eshik kesakisiga suyanib turgan onani quchoqlab ovozini balandlatdi:

– Aslida bu yerga eng chiroyli onalar yigʻilgan ekan. Eng chiroyli! Biz faqat ozgina yordam beramiz, xolos. Toʻgʻrimi? “Eng chiroyli ona” koʻzlari yoshlanib bosh irgʻadi. Soʻng qoʻlini qoʻyvormay turgan olti yoshlardagi bolakayga qarab jilmaydi:

– Mana, kiryapman-ku, bolam. Ichkaridagilarni yasatib boʻlishlari bilan meni chaqirishadi. Bor, sen bir pas oʻynab turgin.

 

Bolakay ichkariga moʻralab, onasining qoʻliga mahkamroq yopishdi.

– Aldamang! Qoʻlingizni qoʻyvorsam ketvorasiz xonaga. Men siz bilan birga kiraman.

 

Qarasak, bolakay ancha oʻjar. Men ham yalinishga tushdim. U meni ham goʻzallik ustalaridan biri deb oʻyladi chogʻi ozroq egilishimni, oʻzimgagina aytadigan gapi borligini aytdi.

 

– Xola, onamni zoʻr qilib yasatib qoʻying, iltimos. Faqat zoʻr boʻlsin! Keyin men suratga olib, telegramdan bittasiga yuboraman. Uning gʻalati iltimosiga “xoʻp, xoʻp” deya javob berdim-u, qiziqishim ustun kelib savol berdim.

 

– Kimga? Kimga yuborasan onangning suratini? Sir boʻlmasa, bilsam boʻladimi?

Xuddi shu payt, ichkarida joy boʻshab, ayolni chorlashdi. Bolakay esa meni chetga tortib, onasi eshitmasligiga amin boʻlgach, koʻz yoshlarini mushti bilan artgancha siniq jilmaydi:

– Dadamga. Faqat dadamga yuboraman. U men kasal boʻlgach, bizni tashab ketgan. Balki chiroyli onamning suratini koʻrgach yana qaytib kelar. Toʻgʻrimi, xola?

– Albatta!

Yigʻlab yubormaslik uchun uni qattiq quchoqladim. Bir necha soniya shu alfozda tosh qotdim.

– Faqat oʻziga aytmang, maylimi?

– Xoʻp, xoʻp, bolam. Xoʻp, bolajonim!

Bir soatdan soʻng ichkaridan ona chiqdi.

Ishi kimning imtihonidan oʻtishini bilgan pardozchi obdon harakat qilib, onani qoʻgʻirchoqday qilib qoʻygandi.

 

Oq sochlar qorayib, ajinlar pardoz ostida qolgan, labga surtilgan nim pushti boʻyoqdan tortib, ulangan uzun kipriklargacha egasiga judayam yarashgan edi. Bolakay onasini tanimay, bir pas karaxt ahvolda qoldi. Soʻng yugurib borib quchoqlab, avaylab yuz-koʻzlaridan oʻpdi. Keyin yana onaning yuziga tikilib, biroz tomosha qildi va yana qayta-qayta oʻpdi. Obdon toʻygach, uch qadam orqaga chekinib, choʻntagidan telefon chiqardi. Onasini chiroyli suratga tushirish uchun munosib joy izladi. Akvariumdagi baliqlar, oʻyinchoqli javonlar, kitob terilgan burchaklar… Axiyri, koʻz quvnatib, yashnab turgan yam-yashil gullar oldiga turgʻizgach koʻngli toʻlib, jilmayishni buyurdi. Ona jilmaydi. Shu goʻzal malak bir soat avval eshik kesakisiga suyanib turgan qarimsiq juvonmi? Xuddi kimdir uni boshdan-oyoq sochib tashlab, qayta yigʻib qoʻyganday mukammal edi.

 

Bolakay onasini oʻn martadan oshiq suratga oldi. Keyin men koʻz yoshlarimni arta-arta ona-bolaning qiyofasini tarixga muhrladim. Lekin rostini aytsam, bolakaydek “professional” emasligimni tan oldim. Qanday rakurs tanlashni bildi-ya! Ora-orada men tomonga nazar tashlab, “faqat aytib qoʻymang-a” deganday koʻz qisib qoʻyardi. Ikkalasini xonaga kirib ketishguncha kuzatib qoʻydim.

 

Surishtirsam, bu yerda yotgan, oʻlib ketgan bir qancha bolalarning otasi kasal boʻlgach tashlab ketgan, biror marta xabar olishmagan экан.Ўйин burchagidagi bir chelak “Lego”ni agʻdarib, katta boʻlolsa solmoqchi boʻlgan uyni qurib koʻrsatgan yana bir bolaning ham saratondan ogʻirroq dardi bor edi.

 

– Nega toʻrt eshigi, oʻnta derazasi bor uy qurding, bolam?

U chuqur xoʻrsindi.

– Dadam, xohlagan eshikdan kirishi uchun. Bittasini topa olmasa, ikkinchisi, uchinchisi, toʻrtinchisidan kiradi-ku, toʻgʻrimi? Juda boʻlmasa, mana shu-u-uncha deraza bor. U bir pas jim qoldi. Koʻrgani kelgan dadasining pinjida oʻtirgan qizaloq tomon ishora qilib xoʻrsindi:

– Dadasi keladiganlarga mazza. Ular oʻlishdan ham qoʻrqishmaydi.

Yo, Alloh! Nimalar deyapti bu norasta? Oʻlishini biladimi?

 

U esa holatimdan bexabar, ovozi titragancha davom etdi:

– Havas qilaman ularga. Olib keladigan oʻyinchoqlari, shokoladlariga emas faqat. Baʼzan borib boshqalarning dadasini qoʻlidan ushlagim, bitta hidlagim keladi…

Eh… dada atalmish maxluqlar-a! Nega bunchalik beshafqatsiz?!

 

Umrining eng soʻnggi pallalarini yashayotgan murgʻaklar nidosini haliyam eshitmadingizmi? Joningizning bir parchasi boʻlmish norastalar nolasi tosh yuragingizga yetib bormadimi? U sizning pulingizga zor emas! Oʻyinchoq, shokoladlar emas, hidingiz, qoʻlingizni sogʻinibdi. Ular balki bugun, balki ertaga Allohning huzuriga ketar. Siz haqingizda nima deydi? Hech oʻylab koʻrganmisiz buni?

 

Bolangiz yasagan toʻrt eshikli uyni jannat darvozalariga qiyosladim. Balki uy eshigini topgan kuningiz jannat darvozalaridan birini ham toparsiz. Farzandingiz telegramingizga yuborgan suratda farishta qiyofasini kashf etdim. Balki siz farishtadan voz kechib, bir gala ajinalar, oʻzingizga oʻxshagan maxluqlar ichida yashayotgandirsiz… Balki siz allaqachon oʻlgandirsiz? Chunki tirik boʻlsangiz allaqachon kelgan, bolangizni quchoqlagan boʻlardingiz.

 

***

Bu dargohga kelishning oʻzi ogʻir. Dadasi “oʻlgan” bolalar bilan koʻrishish esa million barobar ogʻirroqdir.

 

Muazzam IBROHIMOVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

18:06 / 25.06.2024 0 359
Mashrabning “o‘rtar”i

Bir kuni...

17:06 / 24.06.2024 0 278
Ajina ismli qiz

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 293
Tilni qanday saqlab qolamiz?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 209305
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98815
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24496
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23951
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17899
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17000
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16003
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14240
Ommaviy madaniyat

//