Oriyat


Saqlash
17:06 / 11.06.2024 0 656

Ocharchilik zamonlar edi. Kunjara yeb shishib o‘lganni o‘shanda ko‘rgandim. Zamon qay tariqa o‘zgarmasin borda bor, yo‘qda yo‘q bo‘larkan, bolam. Kimdir ochidan sillasi qurib yotgan mahalda yana kimningdir qozonida palov ham pishgani rost. Akam, otam, xo‘jam quloq qilinib olib ketilgan edilar. Erkaklardan birgina Akobirxo‘ja amakim qolgan, bir necha ro‘zg‘orga bosh bo‘lish o‘sha kishining zimmasida edi. Ma’lumingiz, o‘ziga to‘q, badavlat oila edik. Sovetlar mol-mulkimizni musodara qilgani bilan yo‘lini qilib eplab olib qolingani bor edi. Toshhovuz bizning xaloskorimiz bo‘lgan. Hovuz devori yoniga lahm kovlab o‘sha yerda qovurdoq qilingan qo‘ylarning xumlarga joylangani, qopga solingan kepakli un, jo‘xori, arpa, tariq unlari, kallaqandlarni maydalab ko‘zachalarga yashirishgan ekan. Ora-orada oz-ozdan olib chiqishar edi kech, yarim kechda.

 

Xonadonimizda azaldan xizmatda bo‘lgan onaxon o‘sha kunlarda ham kelar edilar. Avval zamonlardagidek saxiyona pul berolmasak-da, har holda o‘zlari ovqatlanib, nevaralariga va tul qolgan keliniga qolgan-qutgan taom va nonlardan olib ketar edilar (Alloh u kishini rahmat qilgan bo‘lsin!). Ozoda, pazanda, halol-pok inson edilar. Katta-kichigimiz ehtirom bilan Oyyanga deb chaqirar edik. Xizmatlari davomida uyimizdan bir chaqa ham yo‘qolmagan, bir xasimizga beruxsat tegmagan edilar. Bir kuni... Oh oypochojonimaaaa... Bir kuni yomon bir ish bo‘ldi. Oyyanga betob bo‘lib u kishining o‘rniga kelinlari keldilar xizmatga. Davr davroni kelganga boqib, sillasi quriganning jonini siqayotgani shundoqqina shu ayolning yuzida namoyon edi. Ozg‘in, rangpar, ko‘zlari kirtaygan, qirqning nari-berisidagi Istat ismli bu ayolning bir paytlar latofatli bo‘lganining izlarigina qolgan mungli chehrasi hamon ko‘z o‘ngimda. Ertalab shirchoy va tut mayiz berildi nonushtaga. Istat opa bizga xizmat qilib bir chekkaginaga borib cho‘nqaydilar.

 

– Kelin, o‘zingizga ham soling shirchoydan. Mana non, tut mayiz. Yeb oling, – buyurdilar Akobirxo‘ja amakimullom. Opa iymanibgina so‘ridan pastdagi sholchada nonushta qildilar. Qanchalik ochlik va yo‘qchilik bo‘lmasin, beruxsat yemadilar va shosha-pisha yeb betarbiyatlik namoyon etmadilar. Nonushtadan keyin hamma o‘z ishi bilan bo‘ldi. Peshin, kechda ham vazifalarini ado etgan Istat opa rahmatlik qaynonam va yangaposhshom tugib bergan tugunchani olib qayta-qayta rahmat aytgancha xayrlashib uylariga ketdilar. Xuftondan so‘ng ayollar paxtadan chigit ajratib o‘tirganimizda yangaposhshom g‘alati alfozda gapirib qoldilar:

 

– Oyyanganing kelinlarining berganimizdan boshqa yana tuguni bormidi? Ikkita tugun ko‘tarib ketdi. Biri kattagina... Hayronman... Hech nimasiz keluvdi, shekilli?

 

Darhol taftish-u tekshirishdan so‘ng bir sopol ko‘zachadagi asal va bir mo‘ndi (mo‘ndi – teridan tikilib, atrofiga ip yoki mato o‘ralgan idish) charvi yog‘ savat ostidan yo‘qolib qolganini aytib qolishdi. Ertasiga betobroq bo‘lsalar-da Oyyanganing o‘zlari keldilar va to‘tamullom kechagi voqeani ming istihola bilan bayon qildilar.

 

– Oyyangajon, bu bir aniqlik kiritmak maqsadida so‘raldi. Aslo tuhmat, gumon qilinmagi niyatinda emas. Ravon-u ro‘shan fahmingiz bilan bizni tushunasiz degan umidimiz bor, – deb so‘zlarini tugatdilar. Oyyanganing shusiz ham rangpar yuzlari yanada oqarib ketdi. Og‘izlari yarim ochilib angraygandek qarab turishlariga rahmi-zorim kelib ichimda qarindoshlardan andak ranjidim. El-ulus sahar bir bo‘lak qotgan nonni shimib kunni peshinga yetqazadi. Namozishom mahali to‘rtta jiydami, g‘o‘linmi (o‘rik qoqi), tut mayizmi topgan topar, topmagan kunjara, harom et yeb jon saqlagan mahalda bu qilib turganlari to‘g‘rimi deya ranjidim.

 

– Oyposhshojon, oqshom Istat bir tugunchada yegulik, ikkinchisida o‘zining paxtalik nimchasini va shol ro‘molini tugib olib kirib bordi. Havo ilibroq qolganiga kiymadim, dedi. Boshqa narsa olib bormadi, Xudo shohid!

 

Bir umr halol xizmat qilgan Oyyanga yosh boladek goh unga, goh bunga javdirab qarar edilar.

 

– Man oldindan aytdim-a, oyyangajon? Gumon yoki shubha, o‘g‘ri tutishmas bu. Aniqlik kiritmoq, xolos, – dedilar to‘tamullom. Yangaposhshom g‘alati chimirilib qo‘yganlaridan angladimki, ular norizolikda. Taxminim to‘g‘ri chiqdi. Yangaposhshom Oyyangaga deyarli do‘q ohangida gapirdilar.

 

– Odam ishonadigan gap gapiring, Oyyanga! Sizning deganingizga ishonar bo‘lsak, u zamon yog‘-u asal qay go‘rga ketibdur?! Odamlar ochidan o‘lib yotganda har holda salqitimiz bo‘lsa-da yetimlaringizni to‘ydirib turganiga shukr-u rahmatmi bu?!

 

– Hay-hay, ovsin! Astag‘firulloh deng!

 

To‘tamullom tanbeh berib to‘xtatmasalar balki yanada qattiqroq gaplar aytilurmidi?..

 

Oyyanga lablari bolanikiday burilib yig‘lamoqdan badtar alpozda dedilar:

 

– Yetimlarimning boshidan qasam, kelinposhshojon! Agar shularni olib borib nevaralarimga yedirar bo‘lsa, ilohim og‘ziga olganidan to ertasiga yetmasin Xudoyo xudovando! Ilohi omin, Allohu Akbar!

 

Og‘ir sukunat cho‘kdi. So‘z ortiqcha edi. O‘sha kuni Oyyanga xizmatda qolmadilar. Yig‘lab-yig‘lab ortlariga qaytib ketdilar. Ularning ortidan qarab qolgan barimizning ko‘nglimizda g‘ashlik, diydamizda yosh qoldi.

 

To hanuz yelkalari cho‘kib ketib borayotgan Oyyangam rahmatlikning yelkasiga yamoq solingan qavima choponlari, yirtiq kalishlari va eski tivit ro‘mollari ko‘z o‘ngimda. Kechga yaqin o‘lgur xumcha-yu mo‘ndi topilib turibti-ku! Non sandiqning ichigamas, ortiga qo‘yilgan ekan. Bir hafta kutdik. Oyyanga kelmadilar. Akobirxo‘ja amakimullom non, novvot, biroz yog‘ olib o‘zlari bordilar. Oyyanga kasal yotgan ekanlar. Ajriqning tomiriga kepak va kunjara, bedaning quruq bargini qo‘shib po‘tti (barcha masalliqlar aralashtirilib xamirday qoriladi va dumaloqlanib tandir yoki tosh o‘choq devoriga yopiladi) qilib berayotgan ekan Istat kelin.

 

– Bir kungina ishga bormay o‘lay, amakimullojon. Har na bolalarimning og‘zi oshga yetib turgan edi. Oyim yotib qolgandan beri topsak po‘tti, topmasak kepak qaynatib yeyapmiz, – deb yig‘labtilar.

 

Amakimullom uzrimizni yetkazib xizmatga borishni tayin-bartayin qilib qaytibtilar. Lekin baribir Oyyanga qaytib bizning uyga qadam bosmadilar. Buni oriyat deydilar, oypochojonim!

 

O‘ylamay aytilgan gap bir insonni kasal qilib sar bo takiya (boshi yostiqqa) qildi. To‘tamullom va yangaposhshom hafta, besh kunda imkon yuzasidan yegulik yuborib turishardi. Oyyanga rahmatlik betob bo‘lsalar-da o‘rinlaridan turib kutib olar, xijolat bo‘lib yig‘lar ekanlar. Kambag‘al bo‘lsa-da oriyati osmon edi u zamonlar odamlarning...

 

Istat kelinning farzandlari toparman, tutarman bo‘lib boyib ketishdi. Lekin har doim bizning oiladan kimni ko‘rishmasin, qo‘l ko‘krakda ehtiromda bo‘lishadi. Ularning farzandlari, nabiralari ham hatto inchunin. Buni tuzga hurmat deydi, qizim.

 

Muyassarpocho Arslonxo‘ja qizi

 1903–1996.

 

***

1903-yilda tug‘ilgan rahmatli Muyassarpocho Arslonxo‘ja qizi, ya’ni Muyassar ammamullomiz bobomga, ya’ni onamning otalariga singil, onamga amma edilar. Katta yoshdagi qarindoshlar ammamullo deb, biz to‘tamullo deb chaqirar edik. Hofizayi Qur’on, Hadisi Quds, Chor Kitob, Fuzuliy, Lutfiyni deyarli yod bilur edilar.

 

Bu va bunga o‘xshagan hikoyalarni eshitib ulg‘aydik... Bir sabab bo‘lib esimga tushdi. O‘sha sabab esa och maymunlar galasi yemish, bananga qanday chuvillab tashlanishsa odamlarning tekin muzqaymoq va ehsonlar tarqatilayotgan joyga shunaqa yopirilishganini ko‘rganim bo‘ldi. Mana bu xalqning ma’naviyati!

 

Zeyl Leyla MUSTAFASAYYAR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

18:06 / 25.06.2024 0 359
Mashrabning “o‘rtar”i

Bir kuni...

17:06 / 24.06.2024 0 278
Ajina ismli qiz

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 293
Tilni qanday saqlab qolamiz?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 209311
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98815
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24496
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23951
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17899
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17000
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16003
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14240
Ommaviy madaniyat

//